Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda 9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida Ikkinchi jahon urushi faxriylariga pul toʻlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Hujjatga koʻra, urush qatnashchilari va nogironlarining har biriga 10 ming dollardan ajratiladi.
Bundan tashqari, faxriylarga tenglashtirilgan fuqarolarga 25 mln soʻmdan (1930 dollar), front orti mehnatkashlariga esa 3 mln soʻmdan (230 dollar) toʻlanadi. Barcha ragʻbatlantirish mablagʻlari respublika byudjetidan ajratiladi.
Prezident Gʻalabaning 80 yilligini nishonlashga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisidagi qarorni ham imzoladi. Hujjatda qayd etilishicha, mustaqillik yillarida halok boʻlgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining jasoratlarini eʼzozlash va xotirasini yod etish mamlakatning muhim anʼanasiga aylangan.
Ikkinchi jahon urushi davrida 2 millionga yaqin oʻzbekistonlik frontga otlandi, ularning 538 mingdan ortigʻi halok boʻldi, 158 mingdan ortigʻi bedarak yoʻqoldi. Respublikaning eng yangi tarixida 200 ga yaqin harbiy xizmatchi va huquq-tartibot idoralari xodimlari Vatan uchun jon fido qilgan.
9-mayga qadar mamlakat boʻylab faxriylar sharafiga tantanali tadbirlar boʻlib oʻtadi. Hukumat, shuningdek, urush qatnashchilariga qoʻshimcha yordam koʻrsatadi: yolgʻiz va kam taʼminlangan faxriylar uchun uy-joy taʼmirlash, patronaj xizmati, tibbiy kuzatuv va hamroh bilan sanatoriylarga bepul yoʻllanmalar beradi.
Urush qatnashchilari va front orti mehnatkashlariga Gʻalabaning 80 yilligi munosabati bilan yubiley medallari topshiriladi. Shuningdek, prezident topshirigʻiga koʻra, Mudofaa vazirligi va Toshkent shahar hokimligi tomonidan bayram salyuti tashkil etilmoqda.
2023-yilda faxriylarga toʻlovlar 18 million soʻmni (1,6 ming dollar) tashkil etdi. 2024-yil holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 112 nafar urush qatnashchisi qolgan.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyev 101 yoshli faxriyga kvartira sovgʻa qilgandi. Sirdaryo viloyati hokimi prezident topshirigʻiga koʻra, 101 yoshli nuroniy huzuriga shaxsan oʻzi kelib, xonadon kalitini topshirdi.