Rim papasi Fransiskning ahvoli “tanqidiy” deb ta’riflanmoqda

Dunyo

O‘tgan sutka davomida Rim papasining sog‘lig‘i yomonlashdi. Pontifikda “cho‘zilgan astmaga o‘xshash nafas olish inqirozi” paydo bo‘ldi, shundan so‘ng unga qon quyish kerak bo‘ldi.

Rim papasi Fransiskning ahvoli “tanqidiy” deb ta’riflanadi. 22-fevral, shanba kuni pontifikda “uzoq davom etgan astmaga o‘xshash nafas olish inqirozi” yuz berdi, shundan so‘ng unga qon quyish kerak bo‘ldi.

Muqaddas taxt matbuot xizmatining xabar berishicha, “Muqaddas otaning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Bugun ertalab Papa Fransisk astmaga o‘xshash nafas olish inqirozini boshdan kechirdi, bu uzoq davom etdi va yuqori oqimli kislorod terapiyasini talab qildi”.

Bundan tashqari, qon tahlillari anemiya bilan bog‘liq trombotsitopeniyani — qonda qon ivish jarayonida ishtirok etadigan trombotsitlar soni kamayadigan holatni aniqladi. Shu sababli pontifikka qon quyildi.

“Avliyo ota o‘zini kechagidan ko‘ra yomonroq his qilayotgan bo‘lsa-da, tetik va kun bo‘yi kresloda o‘tirdi. Ayni paytda prognoz ehtiyotkorona bo‘lib qolmoqda”, — deyiladi xabarda. Shuningdek, Rim papasi kun davomida “kuchli og‘riq”ni boshdan kechirgani aytiladi.

Ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan 88 yoshli Rim papasi Fransisk 14-fevraldan beri Rimdagi "Agostino Jemelli" kasalxonasida davolanmoqda. Pontifik bronxit bilan kasalxonaga yotqizildi. Kasalligiga qaramay, Papa Fransisk vaqtini ishga bag‘ishlaydi, tashrif buyuruvchilarni qabul qiladi.

Avvalroq pontifik salomatligi tufayli taxtdan voz kechishi mumkinligi xabar qilingandi. Kardinal Janfranko Ravazi shunday fikr bildirdi. Ravazining so‘zlariga ko‘ra, Rim papasi Fransiskda “umidga bag‘ishlangan yubiley yilini o‘tkazish istagi katta. Bu uning uchun muhim”. 2025-yil — Rim-katolik cherkovining yubiley yili. Shuningdek, Shveytsariya gvardiya korpusi vakili Rim papasi vafoti munosabati bilan motam marosimi repetitsiyasi haqida paydo bo‘lgan xabarlarni rad etdi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.