Marselda 24-fevral kuni ertalab Rossiya konsulligi yaqinida portlash sodir bo‘ldi, deb xabar bermoqda BFM TV telekanali. Voqea joyiga favqulodda xizmatlar, jumladan, politsiya va o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan.
Rossiyaning Marseldagi bosh konsuli Stanislav Oranskiy portlash konsullik hududida sodir bo‘lganini tasdiqladi. BFM TV ma’lumotlariga ko‘ra, noma’lum shaxslar ikki shisha yonuvchi aralashmani tashlagan va ular diplomatik vakolatxona bog‘iga tushib ketgan. Telekanalning qayd etishicha, hodisa shikastlanish va zarar yetkazilishiga olib kelmagan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi sodir bo‘lgan voqeani terakt deb hisoblashini ma’lum qildi va Fransiya rasmiylaridan tezkor va har tomonlama tekshiruv o‘tkazishni talab qildi.
Avvalroq Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyaga qarshi yangi, 16-sanksiyalar paketini kelishib olgani haqida xabar berilgandi. Yangi cheklovlar, xususan, Rossiyadan alyuminiy va neft eksportiga qarshi qaratilgan bo‘ladi.