Uch nafar o‘zbekistonlik mutaxassis FIFAning 2025-yil uchun yo‘riqchilar ro‘yxatiga kiritildi

O‘zbekiston

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) o‘z murabbiylari ro‘yxatini yangiladi, unga O‘zbekistonning uch nafar vakili kiritilgan. Farhod Abdullayev hakamlik bo‘yicha texnik instruktor, Baxtiyor Namozov plyaj futboli bo‘yicha hakamlarga dars beradi, Yuliya Tarasova esa hakamlar uchun fitnes bo‘yicha instruktor sifatida ishlashda davom etadi.

O‘zbekistonlik uch nafar mutaxassis Xalqaro futbol federatsiyasining (FIFA) 2025-yilgi instruktorlar ro‘yxatiga kiritildi. Tegishli ma’lumotlar tashkilotning rasmiy saytida e’lon qilingan.

Farhod Abdullayev FIFAning hakamlar bo‘yicha texnik instruktori etib tayinlandi. Faoliyati davomida u oltita jahon chempionatida, ikki marta Osiyo kubogida, shuningdek, Olimpiya o‘yinlarida ishlagan. Abdullayev bungacha Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) Hakamlar akademiyasi yetakchi instruktori bo‘lgan.

Baxtiyor Namozov FIFAning plyaj futboli bo‘yicha instruktorlari safidan joy oldi. 2017-yilda u jahon chempionati finalida hakam sifatida ishlagan.

Yuliya Tarasova FIFAning hakamlarni fitnesga tayyorlash bo‘yicha instruktori lavozimini saqlab qoldi. U 2021-yildan buyon tashkilotda faoliyat yuritib kelmoqda, shuningdek, OFK va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) hakamlarini tayyorlaydi.

Avvalroq, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongressida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Bahodir Qurbonov assotsiatsiyaning yangi prezidenti etib saylangandi. Tadbirda Bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.