O‘zbekiston va Malayziyaning Mimos Berhad kompaniyasi yarimo‘tkazgichlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Erishilgan kelishuv O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevning Mimos Berhad bosh direktori Saat Shukri Embong bilan uchrashuvi natijasi bo‘ldi. Muzokaralar chog‘ida tomonlar qo‘shma texnopark, shuningdek, yarimo‘tkazgichlarni yig‘ish va sinovdan o‘tkazish markazini yaratish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar. Malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Malayziya hukumatining Amaliy tadqiqotlar va ishlanmalar milliy markazi (Mimos) O‘zbekistonda ta’lim muassasasini tashkil etishda ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Yangi akademiya elektronika va yarimo‘tkazgichlar sohasida mutaxassislar tayyorlaydi.
Mimos Berhad 1984-yilda ilmiy institut sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda kompaniya innovatsiyalarni ishlab chiqish, mikroelektronika tadqiqotlari va yarimo‘tkazgichli yechimlarni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq O‘zbekiston va Malayziya ziyorat turizmi sohasida hamkorlikni faollashtirishi xabar qilingandi. Hamkorlik doirasida ma’naviy ziyorat va madaniy sayohatlarni birlashtirgan yangi “Umra plyus” yo‘nalishlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.