AQSH prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan har qanday tovar importiga 25 foizlik bojlar joriy qilmoqchiligini aytdi. Bu haqda u AQSH vazirlar mahkamasining birinchi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi, deb xabar berdi AFP 26-fevralda.
“Men Yevropa mamlakatlarini yaxshi ko‘raman. Umuman olganda, men barcha mamlakatlarni ko‘p jihatlari uchun yaxshi ko‘raman, ammo Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlarni chalg‘itish uchun yaratilgan... Va ular bu vazifani yaxshi uddalashdi, ammo endi men prezidentman”, deb aytgan Tramp.
Tramp, shuningdek, Kanada va Meksikadan barcha tovarlar importiga 25 foizlik bojlar 2-apreldan kuchga kirishini ma’lum qildi — bu AQSH prezidenti ma’muriyati tomonidan boshqa barcha mamlakatlar uchun javob bojlarini e’lon qilish uchun belgilangan oxirgi muddat.
AQSH 2023-yilda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 1,5 milliard dollarlik zaytun moyi, 4,7 milliard dollarlik vino va 1,2 milliard dollarlik pishloq import qildi, deb xabar berdi The Telegraph gazetasi. Xuddi shu davrda AQSH Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga 571 million dollarlik viski va 106 million dollarlik mototsikl eksport qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Vladimir Zelenskiyning 28 fevral, juma kuni Vashingtonga kelishiga qarshi emasligini aytgandi.