Shavkat Mirziyoyev global iqtisodiy beqarorlik bilan bogʻliq vaziyatga munosabat bildirdi. Davlat rahbari turizmni rivojlantirish va investitsiya loyihalarini jadallashtirish masalalari boʻyicha yigʻilishda shu haqda toʻxtaldi.
Davlat rahbari soʻnggi kunlarda jahon moliya bozorlarida favqulodda holat kuzatilayotganini taʼkidladi. Bir necha kun ichida 10 trln dollar yoʻqotilgan.
“Bu tebranishlar bizga taʼsir qilmaydi, deb oʻylaganlar adashadi. Axir, bu mablagʻlarni bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!” — dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev bunday sharoitda hokimlar va iqtisodiy idoralar ishlab chiqarish hajmi, ish oʻrinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shugʻullanishi kerakligini aytdi.
Iqtisodiy blokka har hafta muammolarni tarmoqlar kesimida tahlil qilib, yangi takliflar kiritish vazifasi qoʻyildi. Hokimlar joylarda tadbirkorlarning masalalarini tezkor hal qilib borishi kerak.
2-aprel kuni Donald Tramp 185 mamlakat va hududdan keladigan mahsulotlarga bojxona toʻlovlari joriy etilishini eʼlon qildi. Jahon fond bozorlari shiddat bilan pasayishda davom etmoqda.