Alisher Qodirov internetda ijtimoiy ongni manipulyatsiya qilishga qarshi choralar koʻrishni taklif qildi

O‘zbekiston

Deputatning aytishicha, erkinlik hayotiy zarurat, usiz rivojlanish mumkin emas, lekin uning shartlari bor.

“Milliy tiklanish” partiyasi rahbari Alisher Qodirov axborot makonida shaxsni haqoratlash, kamsitish va tahqirlash uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi tayyorlanayotganini maʼlum qildi.

Deputatning aytishicha, erkinlik hayotiy zarurat, usiz rivojlanish mumkin emas, lekin uning shartlari bor: ochiqlik, masʼuliyat va hisobdorlik. Axborot makonida haqorat, kamsitish va tahqirlashlar ogʻir jinoyatlarga tenglashtirilishi va qattiq jazolanishi kerak.

“Kimgadir adovat sochish uchun “xalq” soʻzidan qalqon yasab olayotganlar ortib bormoqda. Xalq fikrini ifoda qilish huquqi kimga berilgani Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan (10-modda), qolgan hamma oʻz nomidan gapirishi, muhokama, munozara qilishi va oqibatini zimmasiga olishni oʻrganishi kerak”, — deb yozdi Alisher Qodirov.

Uning soʻzlariga koʻra, soʻnggi paytlarda xavotirli amaliyot paydo boʻldi: internetda tor biznes va boshqaruv manfaatlariga erishish uchun notoʻgʻri idrok va tafakkurga ega odamlarni muvofiqlashtirish va yoʻnaltirishni oʻrganishdi.

“Bunday axborot loyihalari vaqti bilan boshqarib boʻlmaydigan maxluqqa aylanib ketib, birinchi navbatda mualliflari, keyinchalik, minglab yoshu qari, kattayu kichikni xonavayron qilishi mumkinligini Ukraina inqirozi yaqqol koʻrsatib bermadimi?” — deb yozdi u.

Qodirovning qoʻshimcha qilishicha, internet nafaqat daromad manbai, balki shaxsiy fikr bildirish platformasi hamdir, bu, shubhasiz, davrning eng foydali kashfiyotlaridan biridir.

“Lekin erkinlik ekan deb, tartib va madaniyat chegaralarini buzadigan beboshlar bilan murosani toʻxtatish kerak”, — deya xulosa qildi deputat.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.