Markaziy bank aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun mo‘ljallangan ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlar fuqarolarning bank kartalariga o‘tkazilgandan so‘ng, kreditlarni qaytarish uchun avtomatik ravishda hisobdan chiqarilgan holatlar yuzasidan kredit tashkilotlariga xat yo‘lladi.
Regulyator kam ta’minlangan oilalarning bolalari uchun nafaqalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqalar, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha to‘lovlar va moddiy yordamning boshqa turlari davlat tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy himoya vositalari ekanligini eslatdi.
“Fuqarolarning roziligisiz kredit qarzdorligini so‘ndirish hisobiga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni hisobdan chiqarish adolat tamoyillariga zid hisoblanadi va insofsiz amaliyot sifatida baholanadi”, — deyiladi xatda.
Kredit tashkilotlariga quyidagilar belgilandi:
- ijtimoiy to‘lovlarni oluvchilarning roziligisiz qarzni to‘lashga yo‘naltirish imkoniyatini istisno etish uchun o‘z ichki tartib-qoidalarini va avtomatik undiruv tizimlarini qayta ko‘rib chiqadi;
- fuqarolardan shikoyatlar tushgan hollarda undiruvni to‘xtatib turish va ushlab qolingan mablag‘larni qaytarish choralarini ko‘radi.
Markaziy bank kredit tashkilotlarini iste’molchilar bilan munosabatlarda adolatli bo‘lishga va bunday insofsiz amaliyotlarni to‘xtatishga chaqirdi.