Ekologlar Chorvoq suv omboriga oqova suvlarni oqizish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirib ko‘rdi
Batafsil tahlil uchun viloyat Ekologiya boshqarmasi va hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyalari tekshiruvga jalb etildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ekologiya vazirligi tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Mutaxassislar vaziyatni zudlik bilan joyiga chiqib o‘rgandi. O‘rganish davomida Bo‘stonliq tumani “Navobod” MFY hududida joylashgan Chorvoq suv omborining kuzatuv maydonchasida bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tomonidan sug‘orish uchun foydalanilayotgan suv diametri 600 mm bo‘lgan cho‘yan quvurdan chiqarib yuborilayotganligi aniqlandi. Uning yonida diametri 76 va 100 mm bo‘lgan polipropilen quvurlar yotqizilgan bo‘lib, ularning ichidan elektr kabellari o‘tkazilgan.
Batafsil tahlil uchun viloyat Ekologiya boshqarmasi va hududiy sanitariya-epidemiologiya xizmati laboratoriyalari tekshiruvga jalb etildi. Diametri 600 mm bo‘lgan quvurdan suv namunalari olindi. Dastlabki kimyoviy tahlillar natijalariga ko‘ra, suvda ifloslantiruvchi moddalar aniqlanmadi. Suv tarkibi SanQvaM 0083-24 talablariga javob berishi aniqlandi.
Ushbu hududda “Chimyon-Chorbog‘ magistral suv tarmog‘i” AJga qarashli oqova suvlarni markazlashgan holda qabul qilishga mo‘ljallangan diametri 800 mm bo‘lgan “Bahacho‘l” oqova suv kollektori mavjud. Bu kollektor oqova suvlarni Chirchiq shahridagi tozalash inshootlariga yo‘naltiradi. Suv ombori yaqinida joylashgan 550 ta I toifali abonentlar (aholi), 4 ta II toifali abonentlar (byudjet tashkilotlari) va 38 ta III toifali abonentlar (byudjetdan tashqari yuridik shaxslar) ning oqova suvlari tuzilgan shartnomalar asosida muntazam ravishda ushbu kollektorga chiqarib yuboriladi.
Chorvoq suv omborining butun perimetri o‘rganilganda, oqova suvlarni suv havzasiga tashlash holatlari, shuningdek, ularning suv omboriga quyiladigan har qanday suv oqimlari orqali tushish belgilari aniqlanmadi.
Shuningdek, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va texnik holatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillar mavjud emasligi aniqlandi.
Suv ombori gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi va texnik holatiga ta’sir etuvchi omillar aniqlanmagan. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Chorvoq suv omboriga oqova suvlar oqizilgani haqidagi ma’lumot o‘z tasdig‘ini topmadi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.