O‘zbekiston va Tojikiston Rog‘un gidroelektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldi. Hujjat Tojikiston Adliya vazirligining huquqiy axborot portalida e’lon qilingan.

Elektr energiyasini yetkazib berish hajmi va jadvali “Rog‘un GES” kompaniyasi va O‘zbekiston tomoni — “O‘zenergosotish” korxonasi o‘rtasida joriy talabdan kelib chiqib, birinchi navbatda O‘zbekiston energetika tizimida quvvat tanqisligi yuzaga kelgan soatlarda kelishiladi.

1 kVt/soat elektr energiyasi qiymati nol darajali stavka bo‘yicha QQSni hisobga olgan holda 3,4 sent etib belgilandi. Narx bitim amal qilishining ikkinchi yilidan boshlab har yili 1 foizga indeksatsiya qilinadi.

Rog‘un GES qurilishi bosqichida yetkazib berish vegetatsiya mavsumida — 1-apreldan 30-sentyabrgacha amalga oshiriladi. Obyekt to‘liq quvvatga chiqqandan so‘ng, energetika hamkorligi yil davomida ishlashga o‘tadi.

Elektr energiyasini yetkazib berish “Inkoterms 2010” xalqaro standartlariga muvofiq DAP shartlari asosida davlatlararo elektr uzatish liniyalari orqali amalga oshiriladi. Bitim 20 yil muddatga uzaytirish imkoniyati bilan imzolangan.