O‘zbekistonda yer qa’ridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berganlar rag‘batlantiriladi. Bu haqda hukumat qarorida aytilgan.

Fuqarolar videotexnika yordamida huquqbuzarlikni qayd etishlari, so‘ngra materiallarni “Geomonitoring” tizimi orqali Tog‘-kon sanoati va geologiyani nazorat qilish inspeksiyasiga yuborishlari kerak bo‘ladi.

Bunda foto va video materiallar huquqbuzarlik faktini, huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqtni, shuningdek, agar mavjud bo‘lsa, huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olishi kerak. 15 kun ichida yuborilgan materiallar mas’ul organlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Jinoyat to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tarqatgan fuqarolar quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirilishi nazarda tutilgan:

  • keng tarqalgan noruda foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish yoki tashishni qayd etganlik uchun — huquqbuzardan undirilgan jarima summasining BHMning 1 baravari (412 ming so‘m) miqdorida;
  • foydali qazilmalarni qazib olish va mineral xomashyoni qayta ishlash sohasidagi boshqa huquqbuzarliklarni qayd etganlik uchun — huquqbuzardan undirilgan jarima summasining 5 foizi miqdorida.