8-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni ko‘rib chiqdilar. Rossiya prezidenti 6-avgust kuni Moskvada AQSH prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lum qildi.

Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning amaliy jihatlari ham muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalar ko‘rsatkichlarining o‘sish sur’atini ta’minlash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, hududlar darajasida sermahsul aloqalar, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilishga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar rejasini ham ko‘rib chiqdi.