Rossiyada migrantlar endi mayda bezorilik va politsiyaga boʻysunmaslik uchun chiqarib yuborilishi mumkin — asoslar ikki baravar koʻpaydi
3-noyabrdan Rossiyada chet elliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishga sabab boʻladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar roʻyxati ikki baravar kengaytirildi — endi bunday moddalar soni 45 ta. Ular orasida mayda bezorilik, politsiyaga boʻysunmaslik va armiyani obroʻsizlantirish bor. Migratsiya sohasidagi qoidabuzarliklar uchun jarimalar ham oshdi.
Rossiyada 3-noyabr kuni chet elliklarning migratsiya sohasidagi qoidabuzarliklari uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi federal qonun kuchga kirdi.
Mamlakatdan chiqarib yuborish nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar roʻyxati ikki baravar oshirildi. Endi bunday jazo 45 ta moddada mavjud.
Roʻyxatga, xususan, quyidagilar kiritildi:
- mayda bezorilik;
- ommaviy tadbirlarni oʻtkazish qoidalarini buzish;
- politsiya xodimining qonuniy talabiga boʻysunmaslik;
- Rossiya Qurolli kuchlarini obroʻsizlantirish.
Chiqarib yuborishni boshqa jazo bilan almashtirib boʻlmaydigan qoidabuzarliklar roʻyxati ham kengaytirildi. Unga, jumladan, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bogʻliq huquqbuzarliklar kiritildi.
Bundan tashqari, qonun jismoniy shaxslar uchun migratsiya sohasidagi qoidabuzarliklar boʻyicha jarimalarning quyi va yuqori chegaralarini oshirdi.
Eslatib oʻtamiz, migrantlarni chiqarib yuborish asoslarini ikki baravar koʻpaytirish rejasi aprel oyida maʼlum boʻlgan edi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.