O‘zbekistonda fuqarolarning roziligisiz suratga olishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.
Qonunchilik palatasi majlisida ta’kidlanganidek, axborot-kommunikatsiya sohasi jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgan hozirgi sharoitda shaxsning tasviridan foydalanishda shaxsiy daxlsizlik huquqi uni amalga oshirishning ta’sirchan mexanizmlari mavjud emasligi tufayli ayrim hollarda cheklanmoqda.
Hujjat shaxsni tasvirga olish va uning tasviridan foydalanishga rozilik olishning majburiy shartini nazarda tutadi. Shuningdek, ruxsatsiz suratga olish va tasvirdan foydalanishga yo‘l qo‘yiladigan holatlar ro‘yxati belgilanadi.
Qonun loyihasi bilan videokuzatuv tizimlaridan foydalanishda shaxsiy hayot daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha talablar belgilanmoqda. Xususan, bino va inshootlarda videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lsa, bu haqda albatta tegishli ogohlantirish joylashtirilishi shart.
Bundan tashqari, hujjatda tasvirdan ruxsatsiz foydalanishning huquqiy oqibatlari aniq belgilangan, shuningdek, mehnat munosabatlarida tasvirdan foydalanish bilan bog‘liq qoidalarga aniqlik kiritilgan.
Qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.