Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Dilnoza Azizova bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning har qanday shakli uchun jazoni kuchaytirishni taklif qildi.

U Namangan viloyatida bir necha bor sudlangan erkak 7 yoshli qarindoshini zo‘rlagani haqidagi voqeaga shunday izoh berdi.

Namangandagi voqea birgina pedofilning jirkanch qilmishi emas, yillar davomida bu kabi jinoyatlarni “axloq tuzatish” kabi yumshoq iboralar bilan oqlab kelgan butun boshli tizimning yuzi. Bolaning hayoti bilan o‘ynashish mumkin emas. Bu shunchaki jinoyat emas — bu insoniyatning o‘ziga qarshi isyon.

Bunday pedofillarning “namunali xulqi uchun” jazo muddati qisqartirilgandan so‘ng ko‘chalarda bemalol yurishi davlatning bolalarga bo‘lgan munosabatini aks ettiradi. Qonun faqat qog‘ozda emas, balki hayotda ham qat’iy bo‘lishi kerak. Bunday jinoyatchilarga na kechirim, na yengillik, na yaxshi xulq-atvorga ishora bo‘lishi kerak emasligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik, — deb yozadi deputat.

Uning eslatishicha, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lib, unga ko‘ra, voyaga yetmaganlarning jinsiy daxlsizligiga qarshi jinoyatlar sodir etgan yoki jinsiy ehtiyojini zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirgan shaxslarga nisbatan jazoning o‘talmagan qismini yengilrog‘i bilan almashtirish qo‘llanilmaydi.

Biroq Dilnoza Azizovaning fikricha, bolalarni himoya qilish uchun yanada qattiqroq jazo choralarini joriy etish kerak.

Mening talabim aniq: bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikning har qanday shakli uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini qonun darajasida belgilash vaqti keldi. Bola — millat kelajagi, deb ko‘p gapiramiz. Lekin har bir shunday hodisa bu gaplarni yolg‘onga aylantiradi. Agar biz bunday pedofillarga past nazar bilan qarashda davom etsak, demak, bu kelajakni o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qilayotgan bo‘lamiz, — deya xulosa qildi deputat.