Sirdaryo viloyatida aholiga noqonuniy ravishda chiqindi tashish uchun to‘lovlar hisoblangan. Qayta hisob-kitoblar natijasida iste’molchilar foydasiga 628 mln so‘mlik yechim ta’minlandi. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xabar bermoqda.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvaliga rioya qilmagan, natijada atrof-muhitda katta miqdorda chiqindilar to‘plangan. Bunda fuqarolar ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul to‘lagan.
2025-yilning to‘qqiz oyida aholidan mingga yaqin shikoyat kelib tushgan bo‘lib, ular chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqilmagani va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisob-kitoblar davom etayotgani haqida xabar berishgan.
Eng ko‘p murojaatlar Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridan kelib tushgan.
Tekshiruvlar boshqa hududlarda, jumladan, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Surxondaryo viloyatlari va boshqa bir qator hududlarda ham qonunbuzarliklar qayd etilayotganini ko‘rsatdi. Ba’zi hollarda kompaniyalar amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lovlarni hisoblab, fuqarolarning huquqlarini buzgan.
Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga chiqindilarni o‘z vaqtida va sifatli olib chiqib ketish, kelgusida bunday qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish topshirildi.