2026-yil 1-fevraldan boshlab xavfli deb topilgan qurilish materiallarini qayta ishlash yoki poligonlarga topshirish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Fevral oyidan boshlab buyurtmachilar va ishlab chiqaruvchilar maxsus shartnoma doirasida xavfli deb topilgan va muomaladan chiqarilishi kerak bo‘lgan qurilish materiallarini qurilish chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarga yoki poligonlarga yuborishlari shart.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ushbu talablarni bajarish bo‘yicha beriladigan majburiy ko‘rsatmalar Ekologiya qo‘mitasining Situatsion markaziga integratsiya qilinadi.

2026-yil 1-iyundan boshlab qurilish chiqindilarini qayta foydalanish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishga yo‘naltirish tartibi kuchga kiradi:

  • qurilish ishlari bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda hosil bo‘ladigan chiqindilar hajmini, ularning to‘planish joylarini va ularni qayta ishlash bo‘yicha loyiha yechimlarini albatta hisobga olish;
  • qurilish chiqindilarining atmosfera havosiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun buyurtmachi amaldagi shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq chang va yoqimsiz hidlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishi shart.