Senat “Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar 2026-yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini amalga oshirish, shu jumladan amaldagi qonunchilikni JST bitimlariga muvofiqlashtirish, shuningdek, prezidentning tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida kiritilmoqda.

2026-yilda soliq siyosatidagi asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qoladi: qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining asosiy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligi ahamiyatiga ega yerlar uchun yer solig‘i 0,95 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz (byudjet tashkilotlari uchun 25 foiz), aylanma solig‘i 4 foiz bo‘lib qoladi.

Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarimalar miqdori kamaytirilmoqda va keyingi hisobot besh ish kunigacha kechiktirilgan taqdirda, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotini o‘z vaqtida topshirgan soliq to‘lovchilarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyida bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Qonun bilan xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni qo‘llash, lazerli tekislash talab etiladigan sug‘oriladigan yerlar lazerli tekislash yordamida tekislanmagan taqdirda esa ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyentni qo‘llash vakolati berilmoqda.