O‘zbekistonda hokimlar har oyda kriminogen vaziyat og‘ir bo‘lgan 2 ta mahallaga borishi kerak bo‘ladi. Bu haqda prezident qarorida aytilgan.
Hujjatga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shahar va tumanlar hokimlari har oyda kriminogen vaziyat og‘ir va murakkab bo‘lgan kamida 2 tadan mahallaga boradi.
Ular yoshlar, xotin-qizlar va ishsizlarga nisbatan belgilangan ijtimoiy profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirish holatini tanqidiy o‘rganadi. Shundan so‘ng ijtimoiy-maishiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.
Har oyda mutasaddilar tomonidan mahallalarda sodir etilgan ijtimoiy-maishiy tusdagi jinoyatlarning sabablari tanqidiy muhokama qilib borilmoqda. Ijtimoiy profilaktikaga mas’ul bo‘lgan va sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tashkilot rahbarlariga chora ko‘riladi.
Ijtimoiy moslashuv dasturi tugagandan so‘ng, huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar bir yil davomida profilaktik kuzatuv ostida bo‘ladi.