Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi Farhod bozori yaqinida kechqurun noma’lum eksgibitsionist erkak ayollarga tegajog‘lik qilayotgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Poytaxt IIBB holatga munosabat bildirdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, 6 yanvar kuni soat 18:50 larda Uchtepa tumani Lutfiy ko‘chasida bo‘lgan erkak 29 yoshli fuqaroga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etgan. Shundan so‘ng u voqea joyidan yashiringan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida fuqaroning shaxsi aniqlandi. U 32 yoshli erkak bo‘lib, IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda, uning natijalari bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinadi.

Qo‘lga olingan shaxsning harakatlaridan jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan fuqarolardan 71-231-95-20 va 102 raqamlariga murojaat qilish so‘ralgan.