Qonunchilik palatasi deputatlari ota ismini bolaga familiya sifatida berish amaliyotini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjat bilan Oila kodeksining 69-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, unga ko‘ra bolaning familiyasi ota-onasining familiyasi asosida yoki ham ota, ham ona tomonidan bobosi nomidan belgilanadi.

Adliya vaziri o‘rinbosari No‘mon Muhammadiyevning aytishicha, O‘zbekistonda milliy an’analarga ko‘ra, bolaga ko‘pincha bobosining ismi bilan familiya beriladi. Bolaga otasining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyati yo‘qligi qonunchilik normalarining turlicha talqin qilinishiga va fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Masalan, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilingan shaxslarning farzandlari o‘z farzandlariga ota-onalik huquqidan mahrum qilingan otasining ismi bo‘yicha familiya berishni xohlamaydilar. Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, bunday holatlarda har kuni 10-15 nafar ota-ona guvohnoma olgandan keyin ma’lum vaqt o‘tgach, farzandlarining familiyasi va ismini o‘zgartirib, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuviga o‘zgartirishlar kiritadi.

Qonun loyihasini tayyorlashda bolaga otasining yoki bobosining ismi bo‘yicha familiya berish imkoniyati nazarda tutilgan davlatlar tajribasi o‘rganildi.