Blogerlardagi reklama endi har kuni kuzatiladi. Yulduzlar ham nazoratga olindi
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi 110 nafar blogerdagi reklamani har kuni tekshirmoqda, ulardan 12 nafari maʼmuriy tartibda jazolangan, deb xabar berdi idora. Monitoring roʻyxatiga mashhur xonandalar, aktyorlar va sportchilar ham kiritildi.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi ijtimoiy tarmoqlardagi reklamani doimiy kuzatib bormoqda, deb xabar berdi idora matbuot xizmati.
Monitoring davomida 110 nafar blogerdan iborat roʻyxat tuzildi. Ularning reklama postlari har kuni “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiqligi yuzasidan tekshiriladi.
12 nafar blogerda qonun talablarini buzadigan reklama aniqlandi. Ularga nisbatan maʼmuriy jazo choralari qoʻllanildi. Xabarda ismlar keltirilmagan.
Blogerlardan tashqari, monitoring uchun umumiy roʻyxatga Oʻzbekistonda mashhur xonandalar, aktyorlar, aktrisalar va sportchilar ham kiritildi.
Qoʻmitada reklamaga qoʻyiladigan talablar hamma uchun bir xil ekani eslatildi:
- maʼlumot ishonchli va haqqoniy boʻlishi kerak;
- isteʼmolchilarni chalgʻitish va tovar hamda xizmatlar haqida yolgʻon tasavvur uygʻotish mumkin emas.
Avvalroq Oʻzbekistonda ikki bloger bukmeker reklamasi uchun jazolangani, shuningdek, blogerlar va influenserlarning huquq va majburiyatlarini belgilash rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.