Filippin Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatladi va JSTga aʼzo boʻlishiga rozilik berdi

Oʻzbekiston Filippin bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish boʻyicha muzokaralarni yakunladi. Prezidentning maxsus vakili Azizbek Oʻrunovning aytishicha, soʻnggi ikki oy ichida Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish boʻyicha toʻrtta davlat bilan muzokaralar olib borgan.

Foto: Azizbek Urunov / LinkedIn

Oʻzbekiston Filippin bilan Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalasida muzokaralarni yakunlagani haqida prezidentning JST masalalari boʻyicha maxsus vakili Azizbek Oʻrunov oʻzining LinkedIn sahifasida xabar berdi.

Qoʻshilish toʻgʻrisidagi protokol 1-dekabr kuni Jenevada oʻtkazilgan uchrashuvda imzolandi.

Oʻrunovning soʻzlariga koʻra, soʻnggi ikki oy ichida Oʻzbekiston JSTga qoʻshilish boʻyicha toʻrtta davlat: AQSH, Xitoy, Salvador va Filippin bilan muzokaralar olib bordi.

AQSH bilan muzokaralar noyabr oyida yakunlandi. Ular 14 oy davom etib, AQSH Oʻzbekistonga tashkilotga kirishda koʻrsatishi mumkin boʻlgan yordamni muhokama qilishga bagʻishlandi.

Oʻrunov muzokaralar jarayonini “sarguzashtlarga boy” deb taʼrifladi. U muzokaralar murakkab, ammo samarali boʻlganini taʼkidlab, buni “butun umr davomidagi tajriba” deb atadi.

Bundan tashqari, oktyabr oyida Vashingtonda Jahon banki guruhining yillik yigʻilishlari doirasida Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlishiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Ishtirokchilar soʻnggi oylarda Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish yoʻlida erishgan yutuqlarini qayd etdilar va aʼzolikning potensial afzalliklarini, jumladan tashqi savdoni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy oʻsishni taʼkidlab oʻtdi.

Mavzuga oid materiallar