Oʻzbekistonda yana sovuq kutilmoqda. Ertaga, 7-dekabr kuni, respublika hududining ayrim joylarida kuchsiz qor yogʻishi, shimolda esa biroz ayoz boʻlishi mumkin. Kechasi harorat asosan 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqgacha, kunduzi esa 2 darajadan 7 darajagacha iliq boʻladi. Shimolda kechasi 3-8 daraja sovuq, kunduzi 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqgacha boʻlishi kutilmoqda.
8-dekabr kuni respublika hududiga shimoldan sovuq havo oqimi kirib kelishi boshlanadi. Harorat kechasi va kunduzi 0-5 daraja sovuq, shimolda kechasi 5-10 daraja, kunduzi 2-7 daraja sovuq boʻladi. Respublika boʻylab ayrim joylarda qor yogʻadi. Baʼzi hududlarda shamol tezligi sekundiga 13-18 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim joylarda tuman tushadi.
Toshkentda 6-7-dekabr kunlari yogʻingarchilik kutilmaydi, tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 1 daraja sovuqdan 1 daraja iliqgacha, kunduzi 2 darajadan 5 darajagacha iliq boʻladi. 8-dekabrda kuchsiz qor va tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi va kunduzi 2-4 daraja sovuq boʻladi.
Kelgusi hafta boshida Oʻzbekiston boʻylab tungi harorat 5-10 daraja sovuqqacha (Toshkentda 6-8 daraja sovuqqacha), shimolda esa 13-18 daraja sovuqqacha pasayadi. Kunduzgi harorat sezilarli darajada oʻzgarmaydi.