Toshkent shahrining bosh rejasi tasdiqlandi

O‘zbekiston

Hukumat Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasini tasdiqladi. Hujjat aholi, ekologik zonalar va madaniy merosni muhofaza qilish ehtiyojlarini hisobga olgan holda shaharni muvozanatli rivojlantirishni nazarda tutadi. Butun shahar konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga bo‘lingan.

O‘zbekiston hukumatining 24-dekabrdagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi (birinchi bosqich — 2030-yilgacha) tasdiqlandi.

Hujjatning maqsadi qurilishni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish, qurilishni loyihalashtirish sifati va darajasini oshirish, shuningdek, poytaxtning me’moriy-loyihaviy qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilashdan iborat.

Hujjatda barcha qurilish ishlari bosh rejada belgilangan tartibda amalga oshirilishi, hududning master-rejasi va batafsil loyihasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi belgilangan.

Bosh reja soddalashtirilgan formatda ishlab chiqilgan bo‘lib, bunga prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023-yil sentyabrdagi qarori bilan ruxsat berilgan. Xuddi shu hujjatga ko‘ra, shaharlar hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilishi kerak.

Bosh reja aholi, ekologik zonalar va madaniy merosni muhofaza qilish ehtiyojlarini hisobga olgan holda shaharni muvozanatli rivojlantirishni nazarda tutadi. U Toshkent shahrining barqaror rivojlanishini ta’minlashi kerak bo‘lgan infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va yashil hududlarni ko‘paytirishga qaratilgan, deyiladi hujjatda.

Soddalashtirilgan bosh reja shaharni rivojlantirish strategiyasini, shuningdek, hududlar uchun umumiy talablarni belgilaydi va bosh reja asosida ichki hududlarni mustaqil ravishda rivojlantirishga imkon beradi.

Ta’kidlanishicha, bosh rejani ishlab chiqishda demografik tendensiyalar, migratsiya va tabiiy o‘sish hamda infratuzilma, transport va muhandislik tarmoqlariga yuklama hisob-kitoblari batafsil tadqiq etilgan.

Bosh reja bilan qamrab olingan Toshkent shahrining umumiy maydoni 43 873 gektarni tashkil etadi. Aholining prognoz qilinayotgan o‘sishi — 3 milliondan 7,4 millionga yetadi.

Bosh rejaga ko‘ra, poytaxt yashil hududlarining umumiy maydoni (cheklangan hududlarni hisobga olgan holda) 7120,9 gektarni tashkil etadi, shundan 893 gektari umumiy foydalanishdagi hududlar, 5102 gektari cheklangan yashil hududlar va 1125 gektari maxsus yashil hududlardir.

Bosh rejada qo‘shimcha 10 ming gektar yashil hudud tashkil etish va shahar atrofida 15 ming gektar yashil hudud barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu yashil hududlar maydonini kishi boshiga 3 kv.m dan 8 kv.m gacha oshirish imkonini beradi.

Ko‘cha-yo‘l tarmog‘ining uzunligi 836 km. 2045-yilgacha 647 ta yangi ko‘cha va yo‘llarni qurish, 140 km ko‘cha va yo‘llarni kengaytirish rejalashtirilgan.

Jamoat transportidan foydalanuvchilar ulushini 60 foizga yetkazish va shaharda avtomobillar sonini qisqartirish maqsadida 27 ta to‘xtash joyini (park-and-ride) tashkil etish va yangi metro yo‘nalishlarini qurish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.