25-dekabr kuni o‘zbekistonlik bloger va “Ovoz” vokal iste’dodlar shousining so‘nggi mavsumi ishtirokchisi Rayhona Abdullayeva Dubayda (BAA) avtomobilda harakatlanib, tezlikni sezilarli darajada oshirgani aks etgan videoni e’lon qildi. Qayd etilishicha, videoyozuv 2023-yilning noyabr oyida tasvirga olingan.
Rayhona narxi 3 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan Lamborghini Urus’ni boshqarib, soatiga 150 km tezlikda harakatlanishga muvaffaq bo‘ldi.
Ta’kidlash joizki, Abdullayevaning Instagram’ida (u videoni joylashtirgan) 153 mingdan ortiq obunachi bor, xonanda ularga shaharda yuqori tezlikda yurish odatiy hol ekanini ko‘rsatmoqda.
Keyinchalik Rayhona Abdullayeva Toshkentda qoidabuzarlik sodir etgan shaxsiy avtomobilida jarimalar bilan “maqtandi”.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xuddi shunday targ‘ibot bilan shahar markazida BMW avtomobilida 155 km/soat tezlikda harakatlangan bloger Doniyor Qayumov shug‘ullangandi. Keyinchalik u YPX xodimlari tomonidan jarimaga tortildi va bloger obunachilarni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, tezlikni oshirmaslikni so‘radi.
Ta’kidlash joizki, 2024-yilning birgina birinchi yarmida O‘zbekistonda 9839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularning oqibatida 9209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2282 kishi halok bo‘lgan. Taqqoslash uchun, 2020 yilning birinchi yarmida jami 2388 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularning oqibatida 383 nafar bola, 1154 nafar piyoda va 101 nafar velosipedchi jarohatlangan. Yuqoridagi raqamlar shuni ko‘rsatadiki, joriy yilning birinchi yarmida sodir bo‘lgan avariyalar soni 2020-yilga nisbatan deyarli 4 barobarga oshgan.