Prezidentga Yangi Toshkentda transport infratuzilmasi qurilishi haqida ma’lumot berildi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni Yangi Toshkent shahrida transport infratuzilmasi va muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi bilan tanishdi. Ekologik tizim — metropoliten va elektrobuslar harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni Yangi Toshkent shahrida transport infratuzilmasi va muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi bilan tanishdi.

Bir million aholiga mo‘ljallangan ushbu shaharda keng ko‘lamli yerosti ishlari jadal amalga oshirilib, kelgusida ulkan qurilish loyihalari uchun zamin yaratilmoqda.

Shaharda infratuzilma, turmush va ekologiya mutanosib bo‘ladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. Transportlar qatnovi uchun 14 ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari quriladi. Piyodalar hamda velosipedchilarning to‘siqsiz va xavfsiz harakatlanishi uchun keng qulaylik yaratiladi.

Bugungi kunda bo‘lajak chorrahalardan birida ustunlar poydevorini quyish va gidroizolyasiya ishlari bajarilmoqda. Prezident bu jarayonni ko‘zdan kechirdi. Kelajakni inobatga olib, qurilishda yuqori sifatli va tashqi ta’sirlarga chidamli mahsulotlardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, ayni paytda bir va ikki seksiyali muhandislik kollektorlari qurilishi boshlangan. Ular orqali markazlashgan issiqlik va suv quvurlari, elektr energiyasi, telekommunikatsiya kabi barcha muhandislik tarmoqlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Shaharda zamonaviy urbanizatsiya talablari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Yurtimizda ilk bor “uch generatsiya” stansiyasi quriladi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi.

Davlat rahbariga Yangi Toshkentning birinchi bosqichida ko‘zda tutilgan loyihalar haqida ham axborot berildi. Auksion orqali sotuvga chiqarilgan yer uchastkalari g‘oliblari o‘zlarining investisiyaviy loyihalarini taqdim etishdi.

Shaharga ko‘plab mahalliy va xorijiy investorlar qiziqish bildirmoqda. Xususan, birinchi bosqichda 490 million AQSH dollari qiymatidagi 11 ta ko‘p funksiyali (mix-used) majmua, mehmonxona va restoranlar loyihalari boshlangan.

2025-yilda shaharning keyingi bosqichlari uchun yer uchastkalari bosqichma-bosqich taklif qilinadi. Har bir bosqichda, yangi investision imkoniyatlar va loyihalar taqdim etiladi. Bu, o‘z navbatida, nafaqat shaharni rivojlantirish, balki ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlashga ham xizmat qiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.