2025-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxona biznesi va turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari amal qila boshlaydi.
Xususan, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun foyda solig‘i stavkasi 50 foizga pasaytiriladi va 2028-yilgacha shu darajada saqlanib qoladi. Bundan tashqari, ushbu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga QQSning bir qismi respublika byudjetidan qoplab beriladi. Kompensatsiya miqdori naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushiga bog‘liq bo‘ladi: agar aylanmaning 60 foizdan ortig‘i naqd pulsiz to‘lovlar orqali o‘tsa, tadbirkorlar byudjetga to‘langan QQSning 40 foizgacha qismini qaytarib olishlari mumkin bo‘ladi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushi kam bo‘lsa, kompensatsiya 20% ni tashkil qiladi.
Shuningdek, mehmonxona biznesi va turoperatorlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘zda tutilgan. Ushbu korxonalar to‘langan QQS summasining 20 foizini qaytarib olishlari mumkin.
Ushbu chora-tadbirlarning maqsadi naqd pulsiz hisob-kitoblardan foydalanishni rag‘batlantirish, iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash va biznesga moliyaviy yukni kamaytirishdir.
mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish, muassasalar, imtiyozlar, turizm, turoperatorlar