15-yanvar kuni Abu-Dabidagi “Qasr ash-Shati” qarorgohida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Birlashgan Arab Amirliklari rahbari shayx Muhammad Al Nahayyon oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi. Uchrashuv avval tor doirada, soʻngra ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari aʼzolari ishtirokida kengaytirilgan tarzda oʻtkazildi.
Tomonlar soʻnggi yillarda ikki tomonlama munosabatlar sezilarli darajada rivojlanganini taʼkidladilar. Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi ancha oshgan, qoʻshma korxonalar soni koʻpaygan. Bundan tashqari, toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar sonining koʻpayishi va mamlakatlar oʻrtasida vizasiz rejim joriy etilishi tufayli transport aloqalari ham yaxshilangan.
Tashrif doirasida Amirliklarning yirik kompaniyalari bilan, ayniqsa, yuqori texnologiyalar sohasida keng koʻlamli qoʻshma loyihalar toʻplami tayyorlandi. Ikki mamlakat rahbarlari kelgusi iqtisodiy hamkorlikning oltita asosiy yoʻnalishini belgiladilar: sunʼiy intellekt, raqamlashtirish, “yashil” energetika, urbanistika, turizm va xususiy sektorni rivojlantirish. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun har bir yoʻnalish boʻyicha maxsus ishchi guruhlar tuzish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2025-2027-yillarni “Oʻzbekiston va BAA oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi davri” deb eʼlon qilish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Shu munosabat bilan 2030-yilgacha oʻzaro savdo hajmini 10 barobarga oshirish va investitsiyalar portfelini 50 milliard dollarga yetkazishdek ulkan vazifalar belgilandi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston Prezidenti Muhammad bin Zoid nomidagi universitet ishtirokida sunʼiy intellekt sohasida mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish boʻyicha qoʻshma dastur ishlab chiqishni taklif etdi.
Muhim xalqaro tadbirlarga, jumladan, 2025-yilda Samarqandda oʻtkaziladigan “Markaziy Osiyo - Fors koʻrfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Davlat rahbarlari xalqaro siyosatning muhim masalalari yuzasidan fikr almashdilar, barcha darajalarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi.