Polkovnik Farhod Fattohovich Hasanov Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimiga tayinlangani poytaxt IIBB rasmiy veb-saytida eʼlon qilindi.
U 2020-yil sentyabrdan beri Qoʻqon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (IIO FMB) boshligʻi lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Bundan oldin birinchi oʻrinbosar lavozimini oʻtgan yilning noyabr oyida vazifasidan ozod etilgan Doniyor Toshxoʻjayev egallab kelgan.
Shuningdek, Bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari ham tayinlandi.

Gʻayrat Farhodovich Nasirov raisning birinchi oʻrinbosari etib tayinlandi. U ushbu lavozimda bojxona organlarining boshqa tuzilmalarida xizmatini davom ettiradigan Ilhom Muxtorov oʻrnini egalladi.
Tayinlovdan oldin Gʻayrat Nasirov “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona majmuasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritgan.
Avvalroq Oʻzbekistonning 12 ta hududida Bojxona qoʻmitasi boshqarma rahbarlari tayinlangani maʼlum qilingan edi. Faqat Toshkentda yangi tayinlov amalga oshirilmadi.