Endi mahalla raislari lavozimida besh yil oʻtiradi

O‘zbekiston

11-fevral kuni “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartirishlar kiritildi. Yangi raislar boʻshab qolgan lavozimlarga besh yil muddatga saylanadi.

Foto: Vaziyatga oid / Yuz.uz

11-fevralda qabul qilingan qonunga muvofiq, ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xususan, “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi va “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi qonunlarga mahalla raislarining vakolat muddatini uch yildan besh yilga uzaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi. Bundan tashqari, yangi raislar boʻshab qolgan lavozimlarga besh yil muddatga saylanadi.

Shuningdek, hujjatda fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazish bilan shugʻullanuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalarining vakolatlariga aniqlik kiritildi.

Taʼkidlash joizki, qonun kuchga kirgunga qadar saylangan fuqarolar yigʻinlari raislari ular saylangan uch yillik muddat tugagunga qadar oʻz vazifalarini bajarishda davom etadilar.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda “Mahalla huquqshunosi” loyihasi ishga tushiriladi, unda mahalla raislari aholini huquqiy masalalarga oʻrgatadi.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.