Samarqand viloyatida avtobus ishtirokidagi YTHda 23 nafar ayol jarohatlandi, bir kishi halok boʻldi

O‘zbekiston

Jomboy tumanida 11-fevral kuni yuz bergan avariya oqibatida 23 nafar ayol shifoxonaga yetkazilgan. Ulardan biri voqea joyida vafot etgan, yana ikki nafari ogʻir ahvolda jonlantirish boʻlimida.

Samarqand viloyatining Jomboy tumanida avtobus ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi, natijada 23 nafar ayol jarohat oldi, ulardan biri vafot etdi. Bu haqda tuman shifoxonasi bosh shifokori Tozagul Xoliqovaning soʻzlariga tayanib, Millar telekanali xabar berdi.

Hodisa 11-fevral kuni sodir boʻlgan. YHXB maʼlumotlariga koʻra, toʻqnashuv joyida 68 yoshli erkak halok boʻlgan, biroq uning avtobusda yoki boshqa transport vositasida boʻlganiga aniqlik kiritilmagan.

Keyinroq tuman shifoxonasi bosh shifokori tibbiyot muassasasiga 23 nafar ayol olib kelingani, ularning aksariyati ogʻir tan jarohati olganini maʼlum qildi. Yoʻlovchilarning 16 nafari jarrohlik boʻlimiga, ikki nafari reanimatsiya boʻlimiga yotqizilgan. Ularning ahvoli ogʻir deb baholanmoqda.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi ham avariya sodir boʻlganini va bir kishi halok boʻlganini tasdiqladi, tafsilotlarga aniqlik kiritmadi.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Toshkentning Mirobod tumanida bir nechta mashina: Mustang, Tracker va Onix ishtirokida YTH sodir boʻlgandi. Oqibatda Tracker haydovchisi va 17 yoshli yoʻlovchi jarohat olgan.

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.