Oʻzbekistonning Bangkokdagi Bosh konsulxonasi Myanmada odam savdosi qurboniga aylangan Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston fuqarolarini vatanga qaytarishga yordam berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Diplomatik vakolatxonaga ikki oʻzbekistonlik vatanga qaytishda yordam soʻrab murojaat qilgan. Ular Tailandga internetda yuqori maoshli ish taklifi bilan kelishganini, ularga Oʻzbekistondan bepul aviachipta taqdim etilganini aytishdi.
Tailandga yetib borgach, ular aldov yoʻli bilan noqonuniy ravishda Myanmaga oʻtkazilgan va u yerda odam savdosi bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruhlar qoʻliga tushib qolgan. U yerda ularni firibgarlik koll-markazlarida ishlashga majburlashgan. Ishdan bosh tortish jismoniy zoʻravonlik va tahdidlar bilan birga kelgan. Ozod boʻlish va vatanga qaytish uchun katta miqdorda pul talab qilinardi.
Myanmada xuddi shunday vaziyatda Qirgʻizistonning sakkiz nafar va Qozogʻistonning toʻrt nafar fuqarosi boʻlgan. Qirgʻizistonning Tailandda diplomatik vakolatxonasi yoʻqligini inobatga olgan holda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlari Qirgʻiziston tomonining iltimosiga binoan ushbu fuqarolarni vatanga qaytarishni tashkil etishda yordam koʻrsatdi.
Myanma va Tailandning vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida uch mamlakat fuqarolari ozod qilinib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston diplomatlariga Maesot (Tailand) chegara punktida topshirildi, ular vaqtincha yashash va ovqatlanish bilan taʼminlandi.
11-aprel kuni Oʻzbekiston va Qozogʻistonning Tailanddagi diplomatik vakolatxonalari koʻmagida barcha 13 kishi vatanga muvaffaqiyatli qaytarildi.
Oʻzbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi vatandoshlarni xorijda ishga joylashish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqishda hushyor boʻlishga va axborot manbalarining ishonchliligini sinchkovlik bilan tekshirishga chaqirdi.