Sog‘liqni saqlash vazirligi elektron retseptlarni berish tartibi bo‘yicha tushuntirish e’lon qildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning murojaatini to‘g‘ri tushunadi va shoshilinch holatlarda, shuningdek, bolalar, keksalar va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatishda hech kim zarur dori-darmonlarsiz qolmasligini ta’kidlaydi. Ushbu toifadagi bemorlar alohida nazoratga olinadi.
Tizimni joriy etish davrida Sog‘liqni saqlash vazirligida vazir boshchiligida shifokorlar, dorixona tashkilotlari vakillari va AKT sohasidagi mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tizimning amalda qo‘llanilishini monitoring qiladi, fuqarolar va tibbiyot xodimlarining murojaatlarini ko‘rib chiqadi, poliklinikalarga yuklama, raqamli xizmatlar barqarorligi va dori-darmonlarni berish tartibini tahlil qiladi. Zarur bo‘lsa, tezda tuzatishlar kiritiladi.
Shifokor retseptisiz beriladigan asosiy hayotiy muhim dori vositalarining bazaviy ro‘yxati shakllantirildi.
Uning maqsadi aholiga kundalik va favqulodda vaziyatlarda o‘z vaqtida yordam olish imkoniyatini ta’minlashdir. Ro‘yxat xalqaro amaliyot, shifokorlar tavsiyalari va hayotiy vaziyatlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan va Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy axborot resurslarida e’lon qilingan. Shu bilan birga, amaliyot natijalariga ko‘ra va kelib tushgan takliflarni hisobga olgan holda, u aniqlashtirilishi va to‘ldirilishi mumkin, — deyiladi xabarda.
Toshkent shahridagi dorixonalar va 15 ta tajriba hududida “Elektron retsept” tizimini joriy etish doirasida kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun Telegram-bot yaratildi. Uning yordamida dori vositalarini berish tizimi va tartibi bilan bog‘liq barcha murojaatlar ustuvor tartibda ko‘rib chiqiladi.
Davlat retsept bo‘yicha va retseptsiz beriladigan dori vositalarining hajmini monitoring qilish va to‘g‘ri berilganligini ma’lumotlar bazasi orqali tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. QR-kodli elektron retsept bir oy davomida amal qiladi.
Idora retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini e’lon qildi. Retseptsiz beriladigan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar dori vositalarini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarda, shuningdek Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika davlat reyestrida joylashtiriladi.
Bugungi kunda reyestrda 1 846 turdagi retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatga olingan, — deyiladi xabarda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi eng ko‘p talab qilinadigan dorilar ro‘yxatini taqdim etdi, u bilan havola orqali tanishish mumkin.