Arxeologlar Fargʻona vodiysida Ipak yoʻli davriga oid noyob ashyolarni topdi

O‘zbekiston

Oʻzbek va xitoylik arxeologlar Mingtepa yodgorligi hududida hamda Sirdaryo shimolida olib borilgan qazishmalar chogʻida yettita maqbara va koʻplab qadimiy buyumlarni topishdi.

Foto: Liu Tao

Fargʻona vodiysidagi Mingtepa hududida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida yettita qabr va koʻplab qimmatli ashyolar aniqlandi. Bu haqda Global Times nashri xabar bermoqda.

Topilmalar orasida toʻrtburchak teshikli xitoy tangalari, Xan uslubidagi bronza koʻzgular, taqinchoqlar va charm buyumlar bor. Shuningdek, 38 yil ichida birinchi marta ipak parchalari ham topildi.

Topilgan ashyolar milodiy V-VIII asrlarga tegishli deb taxmin qilinmoqda. Oʻsha davrda Mingtepa Buyuk ipak yoʻlidagi muhim savdo va transport markazlaridan biri boʻlgan.

Ushbu ashyolar Xitoy va Yaqin Sharq hududlarida mavjud boʻlgan ilk oʻrta asrlardagi turli madaniyatlardan dalolat beradi.

Shahar xarobalari hududidagi qazishmalar maydoni ikki kvadrat kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Mudofaa inshootlari, qabristonlar va ustaxonalarning qoldiqlari shaharning Fargʻona vodiysidagi eng yirik markazlardan biri boʻlganligini koʻrsatmoqda. Uning yoshi ikki ming yilga yetishi mumkin.

Arxeologlar Sirdaryo shimolida joylashgan Mengchaktepada ham muhim kashfiyotlar qilishdi. Topilmalar orasida ipak parchalari, charm buyumlar, bronza koʻzgular, toʻrtburchak teshikli tangalar va marjonlar mavjud.

Mengchaktepa “Ipak yoʻlining jonli yodgorligi” deb ataladi. Ilgari bu yerda V-VIII asrlarga oid ipak va zeb-ziynatlar topilgandi. Yangi ekspeditsiya Fargʻona vodiysida pillachilikni oʻrganishda 40 yillik boʻshliqni toʻldirish imkonini berdi.

Taʼkidlanishicha, noyob ashyolarni saqlash uchun olimlar organik materiallarni konservatsiya qilishning zamonaviy usullaridan foydalanmoqda.

Mavzuga oid materiallar