Oʻzbekistonda ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun javobgarlik joriy etiladi

O‘zbekiston

Oʻzbekistonda ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida taʼlim olish va ularni moliyalashtirish uchun javobgarlik joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Qonun loyihasi Rossiya va Belarus tajribasini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 11-dekabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida Jinoyat kodeksining ommaviy tartibsizliklarga oid 244-moddasiga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

Amaldagi qonunchilikka koʻra, ommaviy tartibsizliklarni tashkil etganlik, ularda ishtirok etganlik va fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Taklif etilayotgan oʻzgartishlar bunday tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida taʼlim olish va ularni oʻtkazishni moliyalashtirish uchun javobgarlikni kiritmoqda.

“Hozirgi notinch zamonda shaxs, jamiyat va davlatchilikni himoya qilish zarur. Savol tugʻiladi: ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish maqsadida taʼlim olish, jumladan qurol yoki portlovchi moddalar tayyorlashni oʻrganish uchun javobgarlik nazarda tutilganmi?” — dedi bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Artikova.

Artikova ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish ham qonun bilan jazolanishi lozimligini taʼkidladi.

“Jinoyat kodeksining 244-moddasini yurtimiz tinch hayotini himoya qilishga qaratilgan yangi qismlar bilan toʻldirish taklif etilmoqda. Jazoning muqarrarligi tamoyili jazolash uchun emas, balki oldini olish uchun qoʻllaniladi... Ommaviy tartibsizliklar hayotimizni izdan chiqaradi. Bunday tadbirlarda ongli yoki ongsiz ishtirok etish jiddiy oqibatlarga olib keladi”, — deya qoʻshimcha qildi u.

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar davlat budjetidan qoʻshimcha xarajatlarni talab etmasligi va Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek Iqtisodiyot, Ichki ishlar hamda Adliya vazirliklari bilan kelishilgani aniqlanmoqda.

Mavzuga oid materiallar