Yaralangan 100 nafar falastinlik ayol va bolalar hamrohligida Rafahdan vaqtincha O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi. Bu haqda O‘zbekistonning Misrdagi elchisi Mansurbek Qilichev Misrning Ahram yangiliklar saytiga ma’lum qildi.
Evakuatsiya operatsiyasi prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda amalga oshirildi, deyiladi xabarda.
Qilichevning so‘zlariga ko‘ra, evakuatsiya qilingan falastinliklar vataniga qaytmaguncha O‘zbekistonda qoladi. Ular reabilitatsiya markazlari va shifoxonalarga davolanish va sog‘lig‘ini tiklash uchun joylashtiriladi.
O‘zbekiston hukumati ularning mamlakatda bo‘lishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni, shu jumladan yashash, ovqatlanish, bolalar uchun ta’lim olish va boshqa zarur resurslarni ta’minlaydi.