VTB banki Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalari uchun ilgari summaning 0,2 foizini tashkil etgan komissiyani bekor qildi. Endilikda mijozlar qoʻshimcha xarajatlarsiz bank kartasiga yoki telefon raqami orqali pul joʻnatishlari mumkin. Bu haqda TASS xabar berdi.
Bank maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston pul oʻtkazmalari boʻyicha eng talabgir yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. VTB katta vitse-prezidenti Rostislav Yanikinning soʻzlariga koʻra, u yerga har oyda 100 mingga yaqin pul oʻtkazmalari yuboriladi va yangi shart joriy etilishi bilan ularning soni koʻpayishi mumkin.
2024-yilda VTB chakana mijozlari umumiy qiymati 50,5 milliard rubl (531 million dollar) boʻlgan 2,1 million oʻtkazmani amalga oshirdi. Koʻpincha mablagʻlar Tojikiston, Xitoy, Belarus, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonga yuborilgan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq “Adolatli Rossiya — haqiqat uchun” fraksiyasi rahbari Sergey Mironov mehnat muhojirlarining pul oʻtkazmalariga boj joriy etishni taklif qilgandi.