O‘zbekistonda 19-20 iyul dam olish kunlari havo harorati pasayishi kutilmaydi, issiq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotida ma’lum qildi.
Joriy kunlarda O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq va quruq havo kirib kelishi davom etadi. Kunduz kuni termometr ustuni 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44-45 darajagacha ko‘tariladi.
Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida dam olish kunlari issiqning biroz pasayishi kutilmoqda. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida kunduzgi havo harorati 35-38 daraja issiq bo‘ladi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Toshkentda asosan havo bulutsiz bo‘ladi. Kechasi 24-27, kunduzi 40-43 daraja issiq bo‘ladi.
Avvalroq Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat fermerlariga jazirama oldidan turli faoliyat turlarida hosilni saqlab qolish bo‘yicha tavsiyalar bergandi. Shuningdek, fuqarolar o‘z xavfsizligini unutmaslikka chaqirilgan.