Avgust oyining birinchi kunlarida O‘zbekiston hududi bo‘yicha asosan kam bulutli va quruq ob-havo saqlanib turadi. Bu haqda O‘zgidromet dam olish kunlari uchun ob-havo ma’lumotida xabar berdi.

Faqat 1-avgustda Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, Toshkent viloyatining tog‘oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi.

Havo harorati janubda 32-35 daraja atrofida, ba’zi joylarda 38 darajagacha bo‘ladi, bu avgust oyining boshi uchun iqlimiy me’yordan 1-2 darajaga pastdir.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol chang-to‘zonlar bilan 13-16 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.

1-avgust kuni Toshkent, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarining tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

Toshkentda 1-avgust kuni kunduzi ozgina, ba’zan o‘zgaruvchan bulutli, yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi, dam olish kunlarida asosan ochiq havo ustunlik qiladi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, kunning ikkinchi yarmida 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi 20-23 daraja, kunduzi 32-35 daraja bo‘ladi.