Poytaxt avtobuslarida nazoratchilar chiptasiz yoʻlovchilarni ancha koʻp ushlay boshladi
1-yanvardan 9-noyabrgacha Toshkent jamoat transportida yoʻl haqini toʻlamay ketayotgan 146 537 nafar yoʻlovchi aniqlandi. Yanvar — oktabr oylaridagi holatlarning qariyb beshdan biri birgina oktabrga toʻgʻri keldi.
Bu maʼlumotlarni Transport vazirligi keltirdi.
Yanvar — oktabr oylarida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 144-moddasi boʻyicha chiptasiz yurganlik uchun 138 780 ta bayonnoma tuzilgan. Ulardan 25 596 tasi, yaʼni 18,4 foizi oktabrga toʻgʻri keladi.
Noyabrda ham surʼat saqlanmoqda: 1–9-noyabr kunlari yana 7 757 nafar chiptasiz yoʻlovchi aniqlangan, bu kuniga oʻrtacha 862 nafarga yaqin.
Vazirlik aniqlangan qoidabuzarliklar sonining oshishini «Toshkent shahar yoʻlovchi tashish monitoringi va nazorati» DM nazoratchilarining kuchaytirilgan reydlari bilan bogʻlamoqda. Shu bilan birga, transport toʻliq elektron toʻlov tizimiga oʻtayotgani sababli yoʻlovchilarga elektron toʻlovdan qanday foydalanish tushuntirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, bahorda Toshkentda yil boshidan oʻn minglab chiptasiz yoʻlovchi ushlangani xabar qilingan edi. Yozda esa avtobusda yoʻl haqini kirishda toʻlash kerak boʻlishi maʼlum boʻlgan edi.
Добавьте Vzglyad.uz в предпочтительные источники Google. Это бесплатно и занимает 5 секунд, а для нас — лучшая поддержка и мотивация работать ещё лучше.