O‘zbekistonda chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun qarzdor bo‘lgan 204 895 abonentga elektr energiyasi uchun to‘lov qilish imkoniyati vaqtincha cheklandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Organ ma’lumotlariga ko‘ra, 231 014 nafar abonentga chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari uchun 20,1 mlrd so‘m miqdorida umumiy debitor qarzdorlik mavjudligi to‘g‘risida SMS-xabar yuborilgan.

Xabar berilgandan so‘ng abonentlarga qarzdorlikni to‘lash uchun besh kunlik muddat berildi va 9,4 mlrd so‘m to‘lov amalga oshirildi. Bugungi kunda respublika bo‘yicha 18,2 mlrd so‘mlik chiqindi xizmatlari bo‘yicha debitor qarzdorlik saqlanib qolmoqda.

Qayd etilishicha, qarzdorlik to‘liq qoplanganidan so‘ng ushbu cheklov darhol bekor qilinadi.