Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonni ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlantirishda strategik tahlil va tadqiqotlar faoliyatini samarali tashkil etishga qaratilgan qarorni tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi portali xabar berdi.
Ushbu hujjatga muvofiq, tahliliy va tadqiqot tuzilmalari ishini tashkil etish uchun mas’ul bo‘lgan Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Kengash prezidentga mamlakat ichki va tashqi siyosati bo‘yicha uzoq muddatli strategik tahliliy hujjatlar va takliflarni muntazam taqdim etib boradi.
Kengashga prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi — prezident Administratsiyasining sobiq rahbari Sardor Umurzakov boshchilik qiladi.
Kengash tarkibida quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tashkil etiladi:
xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
davlat va jamiyat qurilishi;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish;
tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik;
hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish;
ekologik kun tartibi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi va suv taqchilligi masalalari.