O‘zbekistonda “Prezident olimpiadasi” o‘tkaziladi, mukofotlar avtomobil va uy-joy ko’rinishida bo’ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Prezident sport va Olimpiya harakatini rivojlantirishga oid rejalar bilan tanishdi. O‘zbekistonning 10 milliondan ortiq aholisi ommaviy sport bilan faol shug‘ullanmoqda, bu ko‘rsatkichni 15 millionga yetkazish maqsad qilingan.

Shu maqsadda mamlakatimizda “Mahalla ligasi”, “Maktablar ligasi”, “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi”, “Kasaba uyushmalari kubogi” kabi turnirlar tashkil etilmoqda. Bunda hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan 254 ta sport maktabi, shuningdek, olimpiya yo‘nalishlaridagi 56 ta maxsus maktablar muhim o‘rin tutadi.

Bu maktablar terma jamoalar uchun asosiy bazaga aylanadi. Joylarda saralangan yosh iste’dodlar antropometrik ma’lumotlari va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olgan holda maqsadli tayyorgarlikdan o‘tadilar. “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” turkumidagi musobaqalar yiliga ikki marta o‘tkaziladi.

Hududiy bosqich g‘oliblari har yili dekabr oyida Toshkent viloyati Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan “Prezident olimpiadasi”da ishtirok etadi. G’oliblar qimmatbaho sovg’alarga ega bo’lishadi: uy-joy va avtomobillar.

Birinchi va ikkinchi o‘rinni egallaganlar Respublika olimpiya va Paralimpiya markazlarida o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Prezidentimiz sport maktablari faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli yoshlarni yuqori toifali sportchilar etib tarbiyalash bo‘yicha topshiriqlar berdi.