O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish korxonalari xodimlarining yarmiga yaqini majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmasdan ishlaydi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mamlakat bo‘ylab 380 ta muassasada o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini taqdim etmoqda.

Umumiy ovqatlanish korxonalari xodimlari tibbiy ko’rikdan o’tishlari va sanitariya me’yorlariga rioya qilishlari shart. Ish beruvchi xodimlarga tegishli tibbiy hujjatlarsiz ishlashga ruxsat berishga haqli emas.

Shu bilan birga, tekshirilgan muassasalarda mehnat qilayotgan 2,8 ming nafardan ortiq xodimning 41 foizining sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnomasi bo‘lmagan. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston, Farg‘ona, Surxondaryo, Sirdaryo, Namangan va Jizzax viloyatlarida jiddiy qonunbuzarliklar qayd etilgan.

Yigʻilgan materiallar oʻz vakolatlari doirasida keyingi koʻrib chiqish uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologiya qoʻmitasiga yuborildi.