O‘zbekistonda davlat ishtirokida korxonalar tashkil etishga moratoriy joriy etiladi. Bu Prezidentning “2025-yilga mo‘ljallangan xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi qarorida belgilab qo‘yilgan.

Moratoriy 2030-yil 1-yanvargacha amal qiladi. 2025-yilda xususiylashtirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish hamda kamida 10 trillion so‘m daromad olishni ta’minlash;
  • 115 ta jamiyatning ustav kapitalidagi ulushlarini, 659 ta koʻchmas mulk obʼyektlarini va davlatga tegishli 6,1 ming gektar yer uchastkalarini sotish;
  • dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma konlari va uchastkalardan foydalanish huquqini sotish.

10 ming kvadrat metrgacha boʻlgan davlat obʼyektlari yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga 5 yil muddatga bepul beriladi. Shartnoma shartlari bajarilsa, yer uchastkalari bevosita mazkur tadbirkorlarga smeta qiymatida sotiladi.

Bir yildan ortiq vaqt davomida sotilmagan va boshlang‘ich bahosi bosqichma-bosqich pasaytirilgandan keyin ham xaridorlar uchun yoqimsiz bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualarining ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtirok etishi talabi ham bekor qilindi.