Namangan viloyati IIB boshlig‘i Mansur Gaziyev Namangan hokimining shahardagi noqonuniy radarlarni olib tashlash haqidagi so‘roviga javob qaytardi.

Maktubda u kameralar yo‘l harakati qatnashchilari xavfsizligiga xizmat qilishini va qoidabuzar haydovchilarga nisbatan chora ko‘rish orqali yo‘llarda o‘lim holatlarini kamaytirishga yordam berishini ta’kidlagan.

Mansur Gaziyevning taʼkidlashicha, kameralarda Namangan shahri hamda Davlatobod va Yangi-Namangan tumanlari hokimliklarining xizmat avtomashinalari haydovchilari tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar ham qayd etilgan. Ular jami 134 marta yo‘l harakati qoidalarini buzgan.

Jumladan, Namangan hokimligiga tegishli davlat raqami 50 020 DAV boʻlgan “Kaptiva” rusumli avtomashina 2024 va 2025-yillarda 47 ta qoidabuzarlikka yoʻl qoʻygan boʻlsa, 11 ta holatda jami 8 million 170 ming soʻm jarima toʻlanmagan.

Bundan tashqari, hokimlikning yana 4 ta avtotransport vositasida sodir etilgan 41 ta qoidabuzarlik uchun muddati o‘tib, to‘lanmagan 18,7 million so‘m jarimalar mavjud. Davlatobod va Yangi-Namangan tumanlari hokimliklari nazoratidagi 6 ta avtomashina tomonidan sodir etilgan 46 ta qoidabuzarlik uchun yana 16,3 million so‘m qarzdorlik holatida.

Mansur Gaziyev hokim Anvar Otaxo‘jayevdan hokimliklarning xizmat avtomashinalari haydovchilari tomonidan muntazam ravishda yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini tanqidiy muhokama qilib, muddati o‘tib ketgan jarimalarni undirishda yordam berishni so‘radi.