Surxondaryoda archazorlar yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi Surxondaryo viloyatida archazorlar yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yong‘in haqida 17 iyun kuni soat 17:45 da Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Archazorlar yaqinidagi hududda quruq o‘tlar yongan, yong‘in 3 gektar maydonni qamrab olgan. Qutqaruvchilar va ko‘ngillilarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan 18 iyun kuni soat 07:10 da yong‘in o‘chog‘i to‘liq bartaraf etilib, yong‘inning boshqa hududlarga tarqalishining oldi olingan.

Yong‘inni o‘chirishga Favqulodda vaziyatlar vazirligining 85 nafar xodimi va 4 ta texnikasi, Boysun o‘rmon xo‘jaligining 40 nafar xodimi va 4 ta texnikasi, Mudofaa vazirligining 20 nafar harbiy xizmatchisi va bitta harbiy vertolyoti, 40 nafar ko‘ngilli va 6 nafar ichki ishlar organlari xodimlari jalb etilgan. Shuningdek, mutaxassislar o‘t o‘chirish jarayonida yong‘in o‘chog‘ini kuzatish uchun chegara qo‘shinlarining uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan.