25-iyun kuni O‘zbekistonda navbatdagi «Avtomobilsiz kun» aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish, atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish va avtomobillar harakati intensivligini pasaytirish maqsadida yirik shaharlar, Toshkent, Nukus shaharlari va mamlakatning barcha ma’muriy markazlarida «Avtomobilsiz kun» aksiyasi o‘tkaziladi.
Davlat tashkilotlari rahbarlari va xodimlariga, shuningdek, barcha fuqarolarga shaxsiy avtotransportdan jamoat transporti, piyoda sayrlar, velosiped va boshqa ekologik toza harakatlanish turlari foydasiga voz kechish tavsiya etildi.
Bunday tashabbuslar atmosferaga zararli tashlamalar darajasini pasaytirishga, shahar shovqinini kamaytirishga va atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatni shakllantirishga yordam beradi.